Форма входа

Категории раздела

Мои статьи [10]

Поиск

Наш опрос

Бу сайтни қандай бахолайсиз?
Всего ответов: 159

Статистика


Онлайн всего: 1
Гостей: 1
Пользователей: 0




Четверг, 21.11.2024, 11:23
Приветствую Вас Гость | RSS
Жадидлар харакати
Главная | Регистрация | Вход
Каталог статей


Главная » Статьи » Мои статьи

Abdurauf Fitrat
Abdurauf Fitrat XX asr o'zbek adabiyoti, fani va madaniyatining yirik vakili, qomusiy bilimga ega olim, adabiyot nazariyachisi, o'tkir tilshunos, betakror dramaturg va shoir, jangovar publitsit , noshir va jurnalist, talantli davlat va jamoat arbobi.
Abdurauf Fitrat o'z tarjimai holida yozishicha, 1884-yilda Buxoroda tug'ilgan (Sadriddin Ayniy uni 1886-yilda dunyoga kelgan deydi, hozirgi darsliklar va ilmiy tadqiqotlarda ham shu sanani takrorlashadi) .Uning otasi Abdurahimboy o'z davrining ziyoli va davlatmand kishilaridan bo'lgan,savdo bilan shug'ullangani bois chet ellarga chiqar, dunyo ahvolidan boxabar,o'qimishli va taniqli odam edi. Onasi Mustafbibi (oilada uni Bibijon deb atashgan)
Badiiy zavqi baland, zukko, o'qimishli ayol bo'lgan. Oilada Abduraufdan tashqari Abdurahmon nomli ukasi, mahbuba ismlisinglisi bor edi. Keyinchalik ular ham ziyoli kishi bo'lib yetishganlar.
Abdurauf ilk tahsilni Buxoro maktablarida olganidan so'ng, mashxur Mirarab madrasasida o'qigan.Talabalik yillarida, taxminan 18-19 yoshlarida otasi bilan haj ziyoratiga borgan , qariyb bir yilga yaqin davom etgan bu ziyorat safarida Eron , Turkiya, Suriya va Saudiya Arabistonida bo'lgan va ularda istiqomat qiluvchi xalqlarning turmush tarzi va madaniyati bilan tanishgan.
Fitrat fors va o'zbek tillarini mukammal bilar edi va arab tilini ham qunt bilan chuqur o'rganadi.U shaharda yuz berayotgan ijtimoiy-siyosiy voqealarga , ayniqsa,jadidchilik harakatlariga qiziqib qaradi.O'zining aytishicha , avval jadidchilik harakatiga qarshilik qildi,keyin uning mohiyatini anglab yetgach , bu harakatga qo'shildi , hatto ashaddiy targ'ibotchilaridan biriga aylandi.O'sh paytlarda Buxoroning kelajagi to'g'risida qayg'urgan bir guruh ma'rifatparvar va ochiq fikrli kishilar yashirincha "Tarbiyati atfol" ("Bolalar tarbiyasi")jamiyatini tuzadilar.Ushbu hayriya jamiyati yoshlarni zamon talablari darajasida o'qitish orqali o'rta asrlar darajasida to'xtab qolgan mamlakatning taraqqiyotini yo'lga qo'yish maqsadida faoliyat ko'rsatardi.Fitrat 1909-yilda "Tarbiyati atfol" xayriya jamiyati orqali tahsil olish uchun Turkiyaga jo'natilgan dastlabki besh iste'dodli yoshlarning biri sifatida Istanbulga yuboriladi.U 1909-1913-yillarda Turkiyada tahsil oldi.
Turkiyadagi hayoti Fitratning dunyoqarashi , siyosiy ongi va adabiy didini o'zgartirib, o'stirib yubordi.Turkiston xalqi hayotiga Turkiyadagi o'zgarishlar (bu paytda u yerda "Yosh turklar inqilobi"voqeasi bo'lgan edi) va ilg'or mamlakatlar nuqtai nazaridan qaray boshladi: diniy xurofotlarni keskin tanqid qilishga , hatto dinni , maktab-maorifni va Turkistondagi idora usulini isloh etish g'oyasi bilan nafas oldi.Bo'lajak adib u yerda o'qish bilan kifoyalanmay, "Buxoro ta'limi maotifi jamiyati"ni tuzadi va Voizon madrasasida mustaqil ma'ruzalar o'qigan.
Abdurauf Fitrat 1909-yilda Istanbulda "Hindistonda bir farangi ila buxorolik bir mudarrisning bir nechta masalalar hamda usuli jadida hususida qilgan munozarasi" kitobi bosilib chiqdi.Amir asrni Buxoroda bosishga ruxsat bermagach, Istanbulda nashr ettirgan edi.Asar forscha yozilgan, Hoji Muin o'zbekchaga aylantirdi va "Turkiston viloyatining gaziti"da bostirdi (1911-yil) . 1913-yilda esa asar alohida kitob holida chiqdi , unga Mahmudxo'ja Behbudiy kirish so'zi yozdi."Hibis qilish, o'ldirish , sangsor qilish kundagi odatlardan edi ,- deb yozadi Fitrat, -u zamonlarda kitob yozishning o'zi "kofirlik" edi. Men shu vaqtlarda birinchi asarni yozdim.Buxoroning idora usulini , ta'lim-tarbiya usulini , bir kuy rasmiy idoralarni tanqid qildim.Bu kitob Buxoroda tarqalar edi. Uning noshirlari bo'lg'on Buxoro jadidlarini tahlikaga tushirmaslik uchun amirga qaratib bir so'zboshi yozdim va shuning bilan go'yo, tanqidning unga emas, ma'murlariga oid bo'lg'onini ko'rsatdim".
Kitob Buxoroda ijtimoiy ongning janlanishiga katta turtki bo'ldi, hatto ko'plab hukumat tomonidan ta'qib qilinayotgan jadid maktablarining ko'plab ochilishiga, maktab-ta'lim ishlariningjonlanishiga yordam berdi.Axir undagi "Islom mamlakatlari nega vayrona va xarobazor qolishi kerak.Buning sababi nimada?", "Bu bechoralarning nega yeyishga noni yo'q?" kabi jiddiy savol va mulohazalar xalq ongiga ta'sir etmasdan iloji yo'q edi.Fitrat adabiyotning hamma janrlarida qalam tebratdi va o'z orzu-armonlari , ezgu tilaklarini targ'ib eta boshladi . 1910- yilda Istanbulda fors tiida "Sayha" ("Na'ra")deb nomlangan she'rlar to'plamini bostirdi."Hind sayyohi qissasi"ni ham forscha yozdi va 1912-yilda Istanbulda nashr ettirdi.
1914-yilda Istanbuldan qaytib kelgan Fitrat Buxoro,Samarqanddagi qizg'in adabiy jarayon
madaniy , maorif ishlariga va siyosiy harakatlarga faol aralashib ketdi.Fitrat jadid maktablarini ochish va bolalarni yangicha tartibda o'qitish ishlari bilan astoydil shug'ullandi.U,kishilarning ongini o'zgartirmay turib,mamlakatni o'zgartirish, uni taraqqiy ettirish mumkin emas degan fikrda edi. Buning uchun millatning katta qismini ma'rifatli, dunyoviy ilmdan, texnikadan habardor qilishdan boshqa yo'l yo'q edi.Jadid maktablarida zamonaviy fan-texnikani egllashga xizmat qiladigan saboqlar berilishiga erishish jadidlar oldidagi eng muhim vazifalardan hisoblanardi.jadidlar ma'rifatchilik borasidagi orzulariga erishish uchun mamlakat siyosiy tuzumi imkoniyat beradigan tarzda bo'lishi lozimligini yaxshi anglaganlar.Shuning uchun ham 1917-yil fevral inqilobidan keyin "Yosh buxoroliklar"siyosiy inqilobiy partiyasi tuzildi.Markaziy Qo'mita a'zolari orasida Abdurauf Fitrat sarkotib sifatida , Fayzulla Xo'jayev a'zo sifatida ishtirok etishdi..Partiya Amirni islohga da'vat va u qog'ozda ko'p xayrli ishlar qilishga va'da berdi , amalda esa o'z bilganidan qolmadi.
Keyinchalik "Yosh buxoroliklar" partiyasining o'zi ikki firqaga bo'linib ketdi, "o'ng qanot"ga Abduvohid Burhonov va "chap qanot"ga Abdurauf Fitrat rahbarlik qila boshladi.Buxoro amirining so'zida turmaganligini, amirlikdagi istibdod va jaholatni tanqid qilgani uchun Fitrat ta'qib ostiga olindi.Fitrat matbuot orqali ham o'z g'oyalarini targ'ib etishga intildi.Samarqandda 1917-yil aprelidan "Hurriyat" gazetasi chiqa boshlagan edi , avval unga Mardonqul Shohmuhammadzoda,keyin 27-28 sonlariga Fitrat muharrirlik qildi.1917-yil Oktabr to'ntarishi munosbati bilan shu "Hurriyat" gazetasida Fitratning "rusiyada yangi bir balo bosh ko'tardi bolshevik balosi!",degan qaydi bosildi.Uning shu paytda yozgan o'zbek tilidagi she'rlari,"Yurt qayg'usi" nomli sochmalari ham "Hurriyat" gazetasida nashr etildi.
1917-yil 27-noyabrda qo'qonda Turkiston Muxtoriyati tuzilganda fitrat Samarqandda edi.Shu yerdan unga vakil-a'zo qilib saylandi.U Turkiston muxtoriyatini qizg'in olqishladi, yagona va qudratli Turkistonning mustaqilligini shu tariqa qo'lga kiritishiga umid qildi. Muxtoriyat e'lon qilingan kechani Turkiston uchun "Milliy laylatulqadrimiz"deb atadi va "Hurriyat" gazetasida bu voqeani yurakdan quvvatlab maqola e'lon qildi: "Ellik yildan beri egildik,tahqir etildik.Qo'limiz bog'landi , tilimiz kesildi.Og'zimiz qoplandi.Yerimiz bosildi. Molumiz talandi,sharafimiz yemruldi.Nomusimiz g'asp qilindi,insonligimiz oyoqlar ostiga olindi. To'zimli turdik.Sabr etdik.Kuchga tayangan har bir buyruqa bo'ysundik. Butun borlig'imizni qo'ldan berdik.Yolg'iz bir fikrni bermadik,yoshunturdik,imonlarimizga o'rab saqladuk.Bu-TURKISTON MUXTORIYATI!
Mahkama eshiklaridan yig'lab qaytganda ,yoruqsiz turmalarda yotganda, yirtqich jandarmaning tepkisi bilan yig'laganda ,yurtlarimiz yondurulg'onda,dindoshlarimiz osulg'anda ongimiz yo'qoldi.Miyamiz buzuldi. Ko'zimiz yog'dusiz qoldi. Biror narsani ko'rolmadik. Shul chog'da tushkun ruhimizni ko'tarmak uchun , shul qop-qora dunyoning uzoq bir yeridin oydin bir yulduz yalqillab turar edi.Biror narsaga o'tmagan ko'zumiz shuni ko'rar edi. Ul nima erdi? TURKISTON MUXTORIYATI!!!" ("Hurriyat", 1917 , 5-dekabr).
1918 yilda Fitrat "Yosh buxoroliklar"ning o'sha vaqtdagi rahbari Fayzulla Xo'jayev bilan birgalikda amirlik tuzumiga qarshi kurashadi.U o'z tarjimai holida shunday yozadi: "Qo'qon muxtoriyati e'lon qilindi.Men Samarqand tomonidan vakil bo'lib saylanganim holda Qo'qonga bormadim,Turkiston Muxtoriyatining hech bir ishida ishtirok etmadim. Butun Turkiston millatchilarining (millatparvar demoqchi-SN ) g'azabini keltirib , mashxur Kolisov voqeasiga aralashdim.Buxoro amiriga berilgan ultimatum mening qalamim bilan yozildi". Fitratning Buxoro amiriga ultimatum yozishiga ikkita asosiy sabab bor edi:
Birinchidan, "Yosh buxoroliklar"ning milliy zulm va diniy bid'at avj olgan amirlikda siyosiy islohot o'tkazish istagi kuchli edi;
Ikkinchidan , Fitrat va "Yosh buxoroliklar" partiyasi a'zolari bu davrda Frunze boshchilik qilgan qizil qo'shinning holisona yordamiga ishonganlar.
Lekin ular aldanganliklarini juda kech tushunib yetadilar.Buxoro Amiri ultimatumni rad etadi.Frunze boshchilik qilayotgan Qizil qo'shinlar yordam bermaydi. Amirning kuchli armiyasi "Yosh buxoroliklar"ni mag'lubiyatga uchratadi va Buxoro hududidan quvib chiqaradi.
Buxorodan chiqib ketishga majbur bo'lgan Abdurauf Fitrat 1918-yilning oxirlarida Toshkentda "Chig'atoy gurungi" nomli ilmiy-adabiy-madaniy tashkilot tuzdi. U o'z tarjimai holida tashkilot haqida shunday ma'lumotlar bergan: "Tuzuk,"Chig'atoy gurungi"
Bevosita siyosat bilan shug'ullanishni istamadi , yolg'iz til , imlo,adabiyot bilan shug'ullandi" , "Chig'atoy gurungi " majlisida gurung a'zolari tomonidan yozilg'n asarlarni o'qub, muhokama qilar edik". Bundan shunday xulosa chiqarishimiz mumkinki bu tashkilot O'zbekiston hududida vujudga kelgan dastlabki ilmiy muassasa hamda o'ziga hos yozuvchilar uyushmasi edi. "Chig'atoy gurungi" a'zolari o'z asarlarini "Ishtirokiyun" , "Qutulish" gazetalarida va "Tong" jurnali sahifalarida e'lon qilar edilar.
1920 yilda Buxoroda xalq demokratik respublikasi tuzilgandan keyin uning tashkilotchilari bo'lgan Fayzulla Xo'jayev , Usmon Xo'ja va Abduqodir Muhiddinov kabilar tomonidan Abdurauf Fitrat Buxoroga chaqirib olindi. Fitrat yangi tashkil etilgan respublikada dastlab tashqi ishlar xalq vaziri , so'ngra , maorif vaziri va Markaziy Ijroqo'm raisining o'rinbosari kabi yuksak va ma'suliyatli lavozimlarda ishladi.Ammo Fayzulla Xo'jayev boshchiligidagi Buxoro hukumati rahbarlarining millatning taraqqiyoti uchun olib borayotgan keng ko'lamdagi ishlari Moskvaga yoqmaydi.Hukumatni kuchsizlantirish maqsadida kommunistik partiya tomonidan eng nufuzli siyosiy arboblar turli bahonalar bilan badnom qilindi.Masalan,1923-yil 12-iyunda bo'lib o'tgan kommunistik partiyaning Plenumida Moskva Buxoro xukumatining tarkibi boy , savdogarlardan iborat bo'lib qolgan degan ayb bilan hukumat a'zoligidan besh kishini, shu jumladan Fitratni ham chaqiradi.Fitrat Moskvaga ketishga majbur bo'ladi.U 1923-1924-yillarda Moskvadagi Lazerevlar nomidagi Sharq tillari institutida (hozirgi Osiyo va Afrika instituti) va Leningrad (hozirgi Sankt-Peterburg ) Akademiyasida ishladi.Shu ilmiy dargohning tavsiyasi bilan Abdurauf Fitratga professorlik unvoni berildi.Biroq birinchi o'zbek professori Fitrat o'zga yurtda ishlashni hohlamay, Toshkentga qaytib keldi.1924-yilda O'rta Osiyoda "milliy chegaralanish " nomi ostida siyosiy tadbir uyushtirilib ,yagona Turkiston o'lkasi bo'lib yuborildi. O'zbekiston,Turkmaniston va qirg'izistonga,keyinroq, Tojikiston(1928-yilda) va Qozog'iston (1936-yilda) respublikalari tuzildi.Buxoro amirligining yerlari bir nechta qismlarga bo'lib tashlandi.
Fitrat Toshkentda ham ilmiy faoliyatini qizg'in davom ettirdi .U adabiyot tarixi va nazariyasi,o'zbek tili qoidalari va musiqa tarixiga bag'ishlangan o'nlab kitoblar yozdi.1927-yilda Samarqand pedagogika akademiyasi (hozirgi Samarqand Davlat Universiteti)da Sharq tillari kafedrasini boshqardi.
1931-1932- yillarda yana Toshkentga qaytgan olim O'zbekiston Respublikasi Fanlar qo'mitasida, O'zbekiston madaniyat institutida ishladi.Til va Adabiyot institutida yoshlarning ilmiy faoliyatiga rahbarlik qildi (Akademik yozuvchi Izzat Sulton Fitrat domlaning umidli aspirant-shogirdlaridan edi). Bu yillarda u she'rlar , pyesalar bilan birga nihoyatda ko'p va ilmiy teran asarlar yozdi.Ammo Fitratning millatparvarligi bolsheviklar va Sho'ro hukumati rahbarlariga yoqmas edi.Uni Abdulla Qodiriy, Cho'lpon,Botu, Usmon Nosirlar bilan birgalikda millatchilikda ayblash tobora avj oldi.Fitrat "Men o'zbek millatchisi bo'gan zamonlarda (millatparvari demoqchi -SN) har vaqt Sho'ro hukumatiga kommunistik firqasiga hayrixoh bo'lib turdim."),-deb yozgan edi.Afsuski xalq ideali va baxt-saodati , haqiqat,adolat,maorif,fan,madaniyat va millat taqdiri uchun tunu kun mehnat qilgan bu ulug' zotni shu partiya , shu Sho'rolar hukumati aksilinqilobchi , millatchi , "xalq dushmani" deb aybladi, 1937-yil aprelda asossiz ayblovlar bilan hibsga oldi va 1938-yil 4-oktabrda Abdulla Qodiriy , Cho'lponlar, Otajon Hoshim, Qayum Ramazon, G'ozi Olim kabi xalqimizning buyuk ziyolilari bilan birga vahshiylarcha otib tashladi. Tarix bunday nohaqlikni ko'rmagan edi , chunki ularni otish haqidagi hukm bir kundan keyin ya'ni hukm ijro etib bo'lingandan kryin 1938-yil 5-oktabrda chiqqan.1957-yilda sobiq Ittifoq Oliy sudining harbiy kollegiyasi 1938-yil 5-oktabrdagi hukmini bekor qildi va Abdurauf Fitratni aybsiz deb e'lon qildi.
Abdurauf Fitrat ko'pqirrali va sermahsul ijodkordir.Bu - uning oz va soz lirikasi , ko'pqirrali dramaturgiyasi , jangovar publitsistikasi va katta hajmdagi chuqur ilmiy- tadqiqotlaridir.Uning ijodiy ishlari va ijtimoiy faoliyati xalqni jaholat , turg'unlik , g'aflatdan uyg'otish , ilm-ma'rifatga chorlash , erkin , ozod , baxt-saodatli hayotga , birinchi navbatda milliy mustaqillikka chorlashga qaratilgan edi. U o'zbekning o'zligini tanishi , ota-bobolari kabi ulug'vor kashfiyotlar qilishga , birlashgan , kuchli , qudratli davlat tuzishga va dunyoning ilg'or madaniy mamlakatlariga yetib olishga chaqirdi. Butun ijodining mohiyati xalqning qalb ko'zini ochishga va mehnat, yaratish , o'qish-unish , kurashga da'vatdan iboratdir. Uning ilk to'plami "Sayha" (" Na'ra")ning kuchi Fayzulla Xo'jayev ta'kidlaganidek, "Buxoro mustaqilligi g'oyasi yorqin milliy shaklda birinchi bor ifodalab berilishi edi" . Shu tufayli bu asarni bosilishiga Amir Olimxon qarshilik qildi Fitratni ta'qib ostiga oladi.To'plam Vatanga muhabbat , xalqning g'am-g'ussasiga achinish va zulmdan qutulish , yorug'likka chiqish tuyg'usi bilan yo'g'rilgan:

Ham mohi mangu osoyishi , izzu sharafi man ,
Ham Ka'bai man , qiblai man , chamani man .
(U mening osmondagi osoyishta oyim , izzatim , sharafim ,
U - mening Ka'bam , sajdagohim , jonu tanimdir ) .

Fitratning "Uchqun" degan to'plamining chiqqanligi to'g'risida xabar bosilgan ( 1923-yilda) , lekin u topilmagan. Respublika matbuotida va 1922-yilda nashr etilgan "O'zbek yosh shoirlari" to'plamida , yana boshqa bir nechta manbalarda uning juda ko'p she'rlari bosilgan. Garchand Fitrat fors , arab tillarini yaxshi bilsada , o'z she'rlarida iloji boricha ularni ishlatmaslikka va sodda o'zbek tilida yozishga intildi. Uning ustiga Fitrat o'z badiiy ijodi va ilmiy maqolalari orqali barmoq vaznining qulayliklari , va keng imkoniyatlarini targ'ib qildi ."Bir oz kul!" , "Ishqimning tarixi" , "Yana yondim..." , "Qor" kabi she'rlari soddaligi va tuyg'u , kechinmalarni haqqoniy ifodalab berishi bilan jozibalidir. "O'qituvchilar yurtiga" she;rida elni ma'rifat , haqiqat yo'liga yo'naltirish va jaholatga qarshi kurashga da'vat etadi :

Orqadoshlar , to'planaylik jahlning uyin yiqqali ,
El ko'zin olg'on qorong'u pardalarni yirtqali.


Fitratning "Sharq" sh'rida Sharqni , yurtini talagan , oyoqosti qilgan , erkiyu boyligini o'g'irlagan bosqinchilarga cheksiz nafrati ochiq aytiladi. Bu Fitratning yuragidan otilib chiqqan she'r edi.Fitrat bu she'ri orqali dadil va oshkora tarzda amaldagi hukumatga qarshi chiqqan edi .Bu she'r uni juda ko'p azoblarga duchor etdi.
Fitratning mashxur she'rlaridan biri "Mirrix yulduziga" deb nomlanadi. Bu she'r "Sharq" deb nomlangan she'ri kabiuning boshiga ko'p kulfatlar soldi , uni millatchi deb ayblashda qo'shimcha dastak bo'lib hizmat qildi.Fitrat yulduz bahonasida Allohga murojaat qilib , bolsheviklarning , bosqinchi rus askarlarining vahshiyliklarini fosh etadi va yurtdoshlarini ularga qarshi ozodlik kurashiga da'vat etadi:

MIRRIX YULDUZIGA

Go'zal yulduz, yerimizning eng qadrli tuvg'oni,
Nega bizdan qochib muncha uzoqlaiga tushibsan?
Tuvg'oningga nechun sira gapurmasdan turibsan,
So'yla, yulduz, holing nadir, nechuk topding dunyoni?
Bizning yerda bo'lib turgan tubanliklar, xo'rliklar,
So'yla, yulduz, sening dag'i quchog'ingda bo'lurmi?
Bormi senda bizim kabi insonlar,
Ikki yuzli ishbuzarlar, shaytonlar,
O'rtoq qonin qonmay ichgan zuluklar,
Qardosh etin qo'ymay yegan qoplonlar
Bormi senda o'ksuz yo'qsulning qonin
Gurunglashib, chog'ir* kabi ichkanlar?

Bormi senda butun dunyo tuzugin*
O'z qopchig'in to'ldirgani buzganlar?
Bormi senda bir o'lkani yondirib,
O'z qozonin qaynatg'uvchi xoqonlar?
Bormi senda qorin-qursoq yo'lida
Elin, yurtin, borin-yo'giin sotqonlar?

*Belgisi qo'yilgan so'zlarga izohlar:
Chog'ir - may,sharob,mast qiluvchi ichimlik
Tuzuk - nizom,tartib-qoida,qonun

Fitrat bu she'ri orqali faqat o'z manfaatini o'ylab hech narsadan qaytmaydigan,johil insonlarni qoralaydi.Xalqqa murojaat qilib bu kabi salbiy illatlardan halos bo'lishga, birgalikda ozodlik uchun kurashishga da'vat etadi.
Abdurauf Fitrat o'zining "O'gut"deb nomlangan she'rida millatning asl farzandi qanday bo'lishi kerakligi to'g'risida o'z fikrlarini bayon etadi. U she'rda og'ir,vazmin yigit timsolidagi o'z xalqiga murojaat etadi, xalqni qutilish ya'ni mustaqil bo'lish uchun tinmay kurashishga, bosh egmaslikka, qo'rquvni yengib mardonavor harakat qilishga, ozodlik yo'lidan bir qadam ham ortga chekinmaslikka, hamma o'z holicha o'tiravermay bir yoqadan bosh chiqarib kurashishga chorlaydi, yo'ldagi to'siqlarni buzib tashlamasdan shu ahvolda yuraversa millat uchun, xalq uchun bu xo'rlik ekanligini, jabr-zulmlar hech qachon tugamasligini baralla aytadi."Ogut" -bir so'z bilan aytganda xalqqa qilingan nasihatdir:

O'GUT

Og'ir yigit, sening go'zal, nurli ko'zingda
Bu millatning saodatin, baxtin o'qudim.
O'ylashingda, turishingda hamda o'zingda
Bu yurt uchun qutulishning borligin ko'rdim.
Turma - yugur, tinma - tirish, bukilma - yuksal,
Hurkma - kurash, qo'rqma - yopish, yo'rilma* - qo'zg'al.
El yo'lini to'sib turgan eski bulutlarni
Yondirib qo'y, yirtib tashla, barchasin yo'q et!
Qilolmasang shu ishlarni,
Sening uchun xo'rlikdir bu!..
Yiqil, yo'qol, ket!
*Belgisi qo'yilgan so'zga izoh:
Yo'rilma - o'tirma
Shu misollarning o'ziyoq Fitrat she'riyatining milliy uyg'onish va inqilobiy ruhdagi haqqoniy , mardona yo'nalishda ekanligidan dalolat beradi.Uning aksariyat she'rlari isyonkorlik ruhida yozilgan.Shu bilan birgalikda Fitrat o'z she'rlarida inson qalbidagi nozik his-tuyg'ularni sodda lekin jozibali va ta'sirchan qilib ifodalagan:

YANA YONDIM



Yuragimning qalin, qizg'in olovi-la qaynag'on
Ko'z yoshlarim, qaydasiz?
Kunim kabi uzun, qora shu kechada kutub men
Erishmadim sira sizga, nega bo'yla qochasiz?!
Nechun meni sababsizcha unutdingiz, aytingiz?
O'tunamen, yalinamen, qochmangiz, qaytingiz!
Yana butun borlig'imning negizlari yemrildi,
Umidimning ko'p chidamli teraklari yiqildi.
Xayolimning totli, chuchuk soatlari butunlay
Uzoqlashib ketdi mendan... to'sub turar yo'limni.
O'lim dag'i qutqorg'ani kelib tutmas qo'limni.
Kecha uning nur tengizi bo'lg'on go'zal manglayin
Tolg'alanmish ko'rgach men...
Yer yuzida borlig'imni ko'rsatmakdan uyaldim,
Yutdim butun qayg'ularning, motamlarning og'usin.
Jon tutg'usi bo'lgan ko'zi og'ir, nozli suzilardi,
Biroz burun chog'ir ichgan parilarga o'xshardi.
Bilmam nechun o'ynardi!..
Ka'ba uzra aylanguvchi ko'garchindek* yuragim,
Soatlarcha shul ko'zlarning tegrasida aylandi.
Biroq u
Menga sira boqmadi.
Yig'ladim,
Kuldim,
Yolindim.
Tushundim -
Bittasi ham mizojig'a yoqmadi.
Yig'la biroz, o'ksuzlangan tilagim,
Men ham senday baxtsizlikka tutundim,
Umidsizlik ora tushub, yo'qsul jonim o'rtandi.
*Belgisi qo'yilgan so'zga izoh:
Ko'garchin - kaptar

GO'ZALIM

Go'zalim, bevafo gulistonim,
Bog'i umrimda toza rayhonim.
G'am-u qayg'ularim hujumindan
Sen eding mehribon, nigohbonim.
Meni behuda tashlading-ketding,
Nega o'ldirmading-da, tark etding.
Kel, gulim, kel, ayog'ingga yiqilay,
Bir zamon qo'y: to'lib-toshib yig'lay.
Qo'y, biroz qo'yki, xoki poyingni
Surmadek yoshli ko'zima surtay.
Ketma, tur, tingla arzi holimni,
Arz etay holi purmalolimni.
Qani u damki, sen eding yorim,
Munisim, hamdamim, madadkorim,
Sening og'ushing, iltifotingda
Rohat etmishdi jismi bemorim.
Meni behuda tashlading-ketding,
Nega o'ldirmading-da, tark etding.
Kel, ayog'ingga qon bo'lib to'kulay,
Bir nafas dard-hajrdan qutulay,
Kel, go'zal dilbarim, kel, sochingni
Bir taray, bir o'pay-da, o'lay.
Meni behuda tashlading-ketding,
Nega o'ldirmading-da, tark etding.
KIM DEYAY SENI?
Oppog'im,xudoy asragay seni,
Ko'z balosidan saqlagay seni.
Sen jahonning nozaninisen,
Qayg'ularga hech solmag'ay seni.
Qip-qizil gulim,yop-yorug' oyim,
Ketma,tur bir oz,men ko'ray seni.
Dardli dilimning sen davosimi,
Mungli ko'nglimning podishosimi?
Gulmisen, ko'zim,jonmisen,qo'zim,
Ko'nglimning buti yo xudosimi?
Bilmadim,gulim,ayt,o'zing kulib,
Oshiqing nechuk atagay seni?

BIR OZ KUL!

Ko'z yoshlarim bukun tag'in oqarmi,
Qizil gulim boshqalarga kular-da?
Qizil gulim,borlig'imning sultoni,
Jonim sening xayolingdan kuchaydi.
Yuragimning eng qimmatli armoni,
Nechun menga marhamating ozaydi?
Ikki ko'zim,malak yuzim,sevdigim,
Jonlar sening yuzginangdan aylansun.
Qizil gulim,qora ko'zim, tilagim,
Dunyo sening boqishingdan o'rgulsun.
Yovuz yorim,yuzingga hech boqolmam,
Ko'ngil dardin oyog'ingga to'kolmam.
Tuproq kabi yiqilmisham yo'lingda, deya olmam,
Istar esang menga kelib gapirma,
yonimda hech o'tirma:
Yolg'uz yig'lab turganimni uzoqdan
Ko'rganingda marhamat et, bir oz kul!

NEGA BO'YLA?

Sen kelgach,
She'rim uchun
Qizil gullar to'shalgan,
Yulduzlar-la bezalgan
Eng keng bir yo'l ochildi.
Sen kelgach,
Ko'nglimni
Qayg'ular-la,motamlar-la o'ragan
Qora qalin pardalar
Yirtildi.
Sen kelgach,
Xayolim
Umid,armon chechaklari ochilg'on
Uchmoh kabi bog'chalarda bulbuldek
Sayrab yurdi.
Biroq sen
Ishqingdan
Kecha-kunduz yonib turg'on ko'nglumning
Dardini
Hech sezmasdan,kula-kula turar-da,
Yonar butun borlig'im... Nega bo'yla?

Ha, Fitrat qalbidagi nozik his-tuyg'ularini,orzu-armonlarini, dardlarini ajoyib tarzda qog'ozga tushirgan.She'rlar sodda va ta'sirchanligi sababli tezda o'quvchining qalbidan chuqur joy egallaydi.
Abdurauf Fitrat nafaqat nazmda balki nasrda ham ijod qilgan va shuxrat qozongan.Uning "Sayyoh hindi" asari 1912-yilda bosilgan. Asarda jahon xalqlari , ilg'or mamlakatlar ko'zi bilan Buxoro , umuman Turkistonning davlat tuzumiga , tartib-qoidasiga , maorifiga nazar tashlab , ulardagi ibratli jihatlarni qo'llab-quvvatlab , illat va kamchiliklarini esa beayov fosh etadi.Asarni buxoroni , umuman Turkistonni erk va ozodlik yo'liga olib chiqish dasturi deyish mumkin . "Umaro" bobida Fitrat amaldorlar "hukmronlik otiga minib , bechorayu badbaxt xalqning mol, jon, arz, nomus va sharafini shafqatsizlarcha poymol etadilar" , "Hammaga ma'lumki , har bir millatning taraqqiyoti uchun ilm asosiy sababdir" , deydi.
Fitrat tijorat va boy bo'lishni targ'ib etadi , ammo boylikka sajda qilish , iymon-e'tiqodni , insofni yo'qotishni qoralaydi.Asarda xalqni birlashishga , zavod-fabrikalar qurishga , tijoratni rivojlantirishga chaqiradi.
Abdurauf Fitrat 1920-yilda "Chin sevish" vaundan uch yildan keyin "Hind ixtilochilari" fojeasini yozdi. Bunda ingliz bosqinchilaridan Hindistonni ozod qilishga kirishgan yoshlarning jasorati ko'rsatiladi. Bu g'oya "Chin sevish"da ham bor edi."Chin sevish" Fitratning siyosiy-falsafiy yo'nalishdagi kuchli asaridir. Fitrat tasavvuf , naqshbandlik, yassaviychilik to'g'risida risola , maqolalar yozgan. "Chin sevish"da bularning ta'siri seziladi . Fitrat tasavvuf ilmini chuqur o'rganganligi to'g'risida o'z tarjimai holida ham aytgan: "Men hech bir vaqt tasavvufga mansub bo'lmadim . Lekin adabiyot tarixini tekshiruvchi bir muallim bo'lg'onim sifati bilan tasavvufni juda ko'b tekshurdum. Bukun tasavvufning har tomonini , eng qorong'u sirlarini bilaman". Fitrat Yevropaning davlat tuzumi, fan-texnika sohasidagi barcha yutuqlarini o'rganish , o'zlashtirish tarafdori. Lekin u yerda mehr-shafqat , oqibatni bir chekkaga surib pul,boylik,oltinga sajda qilishni qattiq tanqid qiladi. Asardagi juda ko'p o'rinlar Qizil Imperiyaga ham qarshi aytilgan tig'li so'zlar edi: "Qur'onni hayvon tepkisidan qutqorishdek buyuk" , "cho'chqani masjiddan haydash" kabi ezgu ish lozim , "ular talovidan qutulmoq uchun birlashmoq" kerak va "Masjidda namoz uchun yig'ilganlar siyosiy yig'in yasag'on bo'lib , to'pga bog'lanar , er bilan xotin o'zaro ko'proq gaplashganda hukumatga qarshi bo'lub , dorga osilar. Bu kun , ustidangina shu o'lkaga qaraganda yiqilg'on shaharlar , yondirilgan qishloqlar , talangan uylar , kesilg'on boshlar , osilg'on gavdalar , to'kilgan qonlardan boshqa hech narsa ko'rmaymiz..." Fitrat pyesasi hatto "Yirtqichlardan elimizni qutqaramiz!" degan nido bilan tugaydi.
Abdurauf Fitrat 1924-yilda tarixga oid bo'lgan "Abulfayzxon" tragediya asarini yozib tugatdi.Bu asar ham o'quvchilar tomonidan yaxshi kutib olindi.Bu asar garchand 18-asrda yashagan Ashtarxoniylar sulolasining so'nggi vakili Abulfayzxon hayoti haqida hikoya qilsa-da , aslida o'sha "bosmachilik" davri xalq ozodligi kurashi davriga hamohang edi. Fitrat zulm , adolatsizlik , zo'ravonlik mamlakat va xalqni xarob qiladi ,adolatsiz shohning qismati ham fojea bilan tugaydi , "podsholik qon bilan sug'oriladigan bir yog'ochdir!" deydi.Abdurauf Fitrat "Abulfayzxon" dramasini "Yo'qsul o'lkasining tarixidan besh pardali fojea" deb nomlaydi."Abulfayzxon" dramasi sahna yuzini ko'rganida juda ko'p tomoshabinlar olqishiga sazovor bo'ladi.

ONAM

Onam! Seni qutqarmoq uchun jonmi kerakdir?
Nomusmi, vijdon bila imonmi kerakdir?
Temur ila Chingiz qoni toshdi tomurimda -
Aytgil,Seni qutqarmoq uchun qonmi kerakdir?
Yov suqg'ali kelgach,qilichini yuragingga,
Tush oldiga,ol ko'ksumi - qalqonmi kerakdir?
Boq,boq,mana turk tengizi toshqun qila qoldi,
Turon yovini quvg'ali to'fonmi kerakdir?
Turon, yigiting,barchaga boq,qalqdi oyoqg'a,
Yurtda qorovul qo'yg'ali arslonmi kerakdir?

Musulmon sevgisi (hikoyat).
Abdurauf Fitrat

Payg'ambarimiz Muhammad alayhissalomning qilgan g'azotlaridan biri tugagach, bir musulmon xotin tushib qolgan yaradorlarni izlab topmoqchi bo'ldi: o'liklar orasiga kirdi. U yon-bu yonni izlar chog'da "Oh+ suv!.." degan bir tovush eshitdi. Bir yarador musulmonning suvdonini ko'rdi.
Ozroq suv topib shu yaradorning oldiga keldi. Boshini astagina ko'tarib, suvni ichtirmoqchi bo'ldi. Yarador musulmon dudog'ini suvga yetkuzar chog'da boshqa yoqdan "Oh+ suv!.." degan o'zga bir tovush keldi. Yarador suv keltirgan xotinga dediki:
- Bu suvni mendan burun shu tovush egasiga eltib ber. Bir yo'ldoshim yaralanib suvsab yotar ekan, men icholmayman.
Xotin suvni ikkinchi yaradorga olib bordi. U ham suvni ichayin deb turgan chog'ida "Oh+ suv!.." degan yana bir tovush eshitdi, xotinga dediki:
- Shu yo'ldoshim suvsiz ekan, men icholmayman, ber suvingni shunga.
Xotin suvni uchinchi yaradorga yetkazdi. U suvni ichayotganda birinchi yaradorning "Oh+ o'oldim+ suvsizlikdan" degan tovushi keldi. Bu ham xotinga:
- Suvingni mendan burun shu tovush egasiga ber! - dedi va o'zi ichmadi.
Xotin yana qaytib birinchi yaradorning oldiga kelsa, bechoraning o'lib yotganini ko'rdi. Ikkinchi yaradorning oldiga bordi, u ham o'lib yotgan ekan. Uchinchi yarador ham suvsizlikdan o'lib qolmasin deya yugurib ketdi:
- Ey, voh!.. Bu ham o'lib qolibdi! - deb suvni to'kdi.
Musulmonlarning o'lim chog'ida ham bir-birlarini qanchalik sevishlarini o'ylab ko'z yosh qildi.
Abdurauf Fitrat
"O'qi" kitobi, Boku, 1917-yil
Abdurauf Fitrat
"Yurt qayg'usi"(ona bilan o'g'il).

Ona! Nechungina yig'laysan? Bugun saodatga erishdik, yana qayg'urasanmi? Bugun o'z tilagingga yetishding, ko'z yoshlaringni to'kadirsanmi?
Emdi qayg'urmoq chog'i bitdi, yig'lamoq pallasi yo'q bo'ldi, rohat kunlaring yetishdi, onam!
Oh... o'g'lum, arslonim! Mustabid hukumat uyimni talatdi: buyuk binolarimni yiqitdi: suyukli o'g'lonlarimni o'ldurdi.
Tahammul etdim, sabr qildim, kimsaga bir og'iz so'z bu to'g'ridan ochmadim. Negakim, qo'llarinda qilich, o'muzlarinda to'fang, mani o'ldirmoqqa hozir edilar. Dunyoning mukofot ekanligin bilgan edim.
Bilar edimki, bu zolimlar bir kun qilg'on zulmlarining mukofotini ko'rarlar. Bilardimki, to'kilgan qonlarning har bir tommasidan biror arslon yaratilub bunlarning qonlarini ichar-lar.
Ko'zlari ko'r, quloqlari kar bo'lib onalarini tonimaydilar, yuragimni teshadirlar, bag'rimni parchalaydilar. o'zlarini tar-biya qilib yetishtirgan onalarini yo'q bo'luviga sabab bo'ldilar.
o'ylamas o'g'illarim butun bir qutimni yotlarg'a talatib, nomusimni g'ayrilarning oyog'i ostinda oldilar.
Bo'yla onalarig'a dushmanliqlari o'z boshlarig'a yetdi, bukun ko'rub to'rg'on mukofot u qilg'on zulmlarig'a qarshi edi.
Shu davlat, shu g'ururlariga mast bo'lg'on xoinlarning kasofati tegdi. Butun uyimni yondirdilar, yuragimdan alangalar chig'a boshladi, buyuk binolarim yonib bitdi.
Go'zal-go'zal masjidlarim kul bo'ldi. Zolimga qarshi otilgan to'plar manim tom yuragimni teshdi, u mustabidlarga qarshi otilg'on to'fanglar mani xavfga soldi.
Nima qilayin, oh, minglarcha gunohsiz ma'lum o'g'lon-larimni nohaq yerda qonlari to'kildi, qancha onalar bolasiz va necha o'g'lonlar onasiz qoldi.
Onajonim! Yig'lama, dushmanlar mahv bo'ldi, u mustabid qon ichuvchilar bitirildi. U mustabidlar qo'lindan ochilg'on yaralaringni tuzatmak uchun do'qturlar hozirlanib, zahmlar tuzatildi.
Emdi yig'lama. Saning saodatingni chin ko'nguldan istab yurg'on bolalaring holingni so'rg'ali keldilar. Tur! Yig'lamoq o'rnida bir oz kul.

Oh, arslon o'g'lonlarim! Emdi chin suyukli o'g'lonlarimni quchog'inda yotayin. Oh, men sizni bu kunlarim
uchun yetishtirgan edim. Manim emkanib tarbiya qilg'on choqlarimni esingizdan chiqarmaysiz.
Abdurauf Fitrat
"Buxoro axbori" gazetasining 1920-yil 5-oktabr sonida bosilgan.

Fitrat bu asarlarni yig'lab, hayqirib yozgan edi, ziyolilar ham uni yig'lab, hurriyat uchun kurashish haqida qasamyod qilib o'qiganlar. Ammo, afsuski, o'zbek xalqi Fevral inqilobi bergan tarixiy imkoniyatdan foydalana olmadi.
Ma'lum bo'lishicha, Fitrat 1918-yilda yozgan "Yurt qayg'usi" nomli to'rtta she'ridan tashqari, 1920-yilda ham shu nomda yana bir sochmani yozgan ekan. Bu Fitratning "Tengiz" taxallusi bilan yozilgan asari bo'lib, "Buxoro axbori" gazetasining 1920-yil 5-oktabr sonida bosilgan va yaqinda adabiyotshunos Sirojiddin Ahmad tomonidan matbuotda e'lon qilindi. Asarda Buxoro amiri taxtdan ag'darilgandan keyingi tarixiy davr manzaralari tasvirlanadi.
Bu she'rning topilishi Fitratning Turkiston Muxtoriyat hukumati shafqatsiz ravishda tor-mor etilganidan keyin ham erk va hurriyat uchun faol kurash olib borganidan darak beradi.
Fitrat xuddi shu faoliyati uchun o'z vatanining mustaqilligi yo'lida izchil faoliyat olib borganligi uchun dastlab adabiyot olamidan uzoqlashtirildi, yozgan asarlari nashr etilmadi, 1937-yilda esa "xalq dushmani" sifatida ayblanib otib tashlandi.
Ammo butun hayoti va ijodini mustaqillik uchun kurashga to'la-to'kis bag'ishlagan, "Yurt qayg'usi" singari xalqni ozodlik uchun kurashga da'vat etuvchi she'rlar, nasriy asarlar va dramalar yozgan Fitrat doim xalq xotirasida barhayot qoladi.
Abdurauf Fitrat hayoti va adabiy faoliyati ziddiyatlarga o'ta boyligi bilan ajralib turadi. 1991 yil 25 sentyabrda Abdurauf Fitratga o'zbek dramaturgiyasini rivojlantirishdagi, realistik adabiy tanqidchilik hamda adabiyotshunoslik maktabiga asos solishdagi xizmatlari uchun Alisher Navoiy nomidagi Respublika Davlat mukofoti berildi.

Bunday qarashlar uning o'zi tashkil etgan va muharrirlik qilgan "Hurriyat" ro'znomasida keng targ'ib etiladi. Xuddi shu yillar "Hayot yo'lida birinchi masala maktab masalasidir" ("Hurriyat", 1917 yil, 1-son) degan shior bilan chiqadi. Uning "Hurriyat" (1917, 31-son) ro'znomasida bosilgan "Yurt qayg'usi..." nomli lavhasida Turkiston uchun, uning ayollari ozodligi uchun kurashga bel boglaganligini aytadi. "Men sen uchun tug'ildim, sen uchun yasharman, sening uchun o'larman, ey turkning muqaddas o'chog'i!" degan da'vat eshitiladi. "Ulug' Turkiston" (1917, 2-son) ro'znomasida "Yashasin turklik, yashasin Islom" shiori bilan chiqadi. Uning "Hind ixtilolchilari", "Temur sag'anasi", "O'g'izxon", "Abo Muslim", "Turk tili" kabi asarlarida ham hurfikrlar, qarashlar, ko'zga tashlanadi. Shular qatorida "Qon", "Begijon", "Chin sevish", "To'lqin", "Vose' qo'zg'oloni", "Ro'zalar" kabi dramalari yaratildi.

Fitratning 1922 yilda nashr etilgan "O'zbek shoirlari" to'plamiga kirgan "Kecha", "Behbudiy mozorini izlab", "Sharq" kabi she'rlarida izlanish jarayoni uchraydi. "Shoir" she'rida "o'zim uchun ko'p umidlar to'qidim" degan xulosaga keladi. Uning 1920 yilda yozilgan "Kim deyay seni" kabi she'rida oshiqning ma'shuqqa katta umid bilan intilishi, kutishi, suyishi lirik bir "ohangda kuylanadiki, shoir endi ijodning yangi pog'onasiga ko'tarilayotganligidan dalolat beradi.

Shoir ijodida, dunyoqarashida siljish, yangilikka, go'zallikka intilish seziladi. Xuddi shu hol uning "Abulfayzxon", "Arslon" va "Vose'" (tojik tilida), kabi dramalari g'oyasida ham seziladi. Uning "Qiyomat", "Shaytonning tangriga isyoni" kabi nasriy asarlarida endi ijodkor falsafasining chuqurlashganligi, katta ijtimoiy-hayotiy muammolarni hal etishga intilishi ko'zga tashlanadi.

Vatan va millat mustaqilligi, ilm-fan rivoji, ta'lim-tarbiya ravnaqi kabi masalalar Fitrat asarlarining leytmotivini belgilaydi.

Fitrat asarlari u hayotlik paytidayoq yuksak baho olgan, boshqa tillarga tarjima qilingan. Uni qayta "tanitish" 80-yillarning ikkinchi yarmida boshlandi. O'zMU professori B. Qosimov 1994 yili "Fitrat" monografiyasini e'lon qildi. H. Boltaboev "20 asr o'zbek adabiyotshunosligi va Fitratning ilmiy merosi" (T., 1996), I. G'aniev "Fitrat dramalari poetikasi" (T., 1998) mavzularida doktorlik dissertatsiyalarini himoya qildilar. Uning ijodiy merosi B. Ergashev, D. Toshqo'ziev kabi faylasuflar, huquqshunoslar tomonidan ham o'rganilmoqda.

Fitrat nomida Toshkent va Buxoroda ko'chalar, maktablar bor. Tug'ilgan shahrida yodgorlik muzeyi ochilgan, xiyobon barpo etilgan, 1996 yili tavalludining 110 yilligi mamlakat miqyosida nishonlandi. O'zbekiston Respublikasi Prezidenti farmoniga ko'ra Navoiy mukofoti va Mustaqillik ordeni bilan taqdirlandi.
+Yurtimizda tarixiy shaxslar, shaharlar, madaniy yodgorliklarni e'zozlash, avaylab-asrash, hurmatini joy-joyiga qo'shiy yaxshi an'anaga aylanib qoldi. Bu erda gap tantanada emas, muhimi, biz ajdodlarimizni o'z davrida kelajak avlodlar uchun qoldirgan salmoqli merosi, ijobiy ishlari, kerak bo'lsa, umumjahon sivilizatsiyasiga qo'shgan hissalarini qadrlashimizdadir. Albatta, har bir millat o'z ota-bobolarini eslashi zarur+ Chunki millat, davlat, jamiyat taqdiri hal bo'layotgan pallada o'zligimizni anglash, ma'naviy ildizlarimizni unutmaslik katta ahamiyatga ega.
+ ma'naviyat, marifatni targ'ib qilish esa har bir ziyolining vijdon ishidir.Ma'rifatchi fidoyi bo'lmog'i kerak.
+ XX asr boshidagi ma'rifatchilik harakatining namoyondalari boylik uchun, shon-shuhrat uchun maydonga chiqishmadi. Mahmudho'ja Behbudiy, Munavvar qori, Fitrat, Tavallolarga maktab ochganlari, xalqni o'z haq-huquqlarini tanishga da'vat etganlari uchun birov maosh to'laganmi? Albatta, yo'q! ular o't bilan o'ynashayotganlarini, istedodga qarshi kurashayotganlari uchun ayovsiz jazolanishlarini oldindan yaxshi bilishgan. Bila turib, ongli ravishda mana shu yo'ldan borganlar. Chunki vijdonlari, iymonlari shunga da'vat etgan.
+ Oz tarixini bilgan, undan ruhiy quvvat oladigan xalqni yengib bo'lmas ekan, biz haqqoniy tariximizni tiklashimiz, xalqimizni, millatimizni an shu tarix bilan qurollantirishimiz zarur.

Islom Karimov




Nashr qilingan asarlari:

Fitrat. She'rlar. "O'zbekiston adabiyoti va san'ati", 1987 yil 11 dekabr.
Fitrat. She'rlar. "Sharq yulduzi", 1991, 6-son.
Fitrat. Hind ixtilolchilari. "Sharq yulduzi", 1990, 4-son.
Fitrat. Turkistonda ruslar. "Sharq yulduzi", 1992.
Fitrat. O'zbek klassik musiqasi tarixi. T.: "Fan", 1993.
Fitrat. Tanlangan asarlar, Ikki jildlik. T.: "Ma'naviyat", 2001.
Fitrat. Chin sevish. T.: "Adabiyot va san'at", 1996.
Fitrat. Najot yo'li. T.: "Sharq", 2002.


Foydalanilgan adabiyotlar:

S.Mamajonov. Fitrat. "Ma'naviyat yulduzlari" to'plami.T.:"Abdulla Qodiriy",2001
B. Qosimov. Maslakdoshlar. T.: "Sharq", 1994.
I. G'aniev. Fitratning tragediya yaratish mahorati. T., 1994.
Milliy uyg'onish va o'zbek filologiyasi masalalari. T.: Universitet, 1993.
Boltaboev H. Qatag'on qilingan ilm. T.: "Xazina", 1996.
Boltaboev H. Noma'lum Fitrat. Yoshlik, 1990, 34-38-betlar.
Boltaboev H. Fitratning ilmiy merosi. T.: "Fan", 1996.
Boltaboev H. Fitrat - adabiyotshunos. T.: "Yozuvchi", 1996.
Boltaboev H. Boburshoh Fitrat talqinida. O'zbekiston adabiyoti va san'ati, 1993, 2-son, 15-bet.
Boltaboev H. 20 asr boshlari o'zbek adabiyotshunosligi va Fitratning ilmiy merosi. f.f.d. ilmiy darajasini olish uchun yozilgan diss. aftoreferati. T.: 1996.
Qosimov B. Fitrat (chizgilar). Sharq yulduzi, 1992, 10-son, 170-bet.
Qosimov B. Inson fojealari. O'zbekiston adabiyoti va san'ati, 1990 yil 6 aprel.
Qosimov B. Fitrat. O'zbekiston adabiyoti va san'ati, 1991, 10-son.
Erkinov S. Fitrat-navoiyshunos. O'zbek tili va adabiyoti, 1990, 3-son, 3-bet.
Fitrat. "Yopishmagan gajaklar. O'rtoq Boybo'latovga ochiq hat" asari.
Hamidulla Boltaboyev ."Sayha" qismatidan lavhalar yoki shoir Fitrat haqida. ."Sharq yulduzi", 1991, 6-son.

Категория: Мои статьи | Добавил: jadid (10.08.2007) | Автор: Saidnosir Tursunov E
Просмотров: 38575 | Комментарии: 56 | Рейтинг: 2.0/6
Всего комментариев: 7
7 VirginiaFild  
0
Hello guys, I`m new here.

6 MilwaukeeCGwacy  
0
Hello guys!

5 hey everyone  
0
just stopping by to say hey
http://www.youtube.com/watch?v=fCi2eX0hvHE - click here

4 hey everyone  
0
simply stopping by to say hey
http://www.youtube.com/watch?v=fCi2eX0hvHE - this video

3 arcadoler  
0
overseas pharmacy codeine purcahse no rx http://sundrugstore.net/products/zyprexa.htm mexico pharmacy suboxone

2 vupederce  
0
Nice post :) Foken refs

1 SHEKSPIR VILIAM  
0
YANA BIRONNARSA BORMI?

Имя *:
Email *:
Код *:

Copyright MyCorp © 2024